29-aprel kuni “Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish jarayonlarini samarali tashkil etishning qo‘shimcha choralari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari hamda budjet tizimi budjetlari hisobidan moliyalashtiriladigan dasturlarga muvofiq loyiha-smeta hujjatlarini ko‘rib chiqish vakolatiga ega loyiha ofisi tashkil etiladi.

Ofis Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining markaziy apparati tuzilmasida tashkil etilib, qiymati 10 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha tayyorlangan loyihalarga tatbiq etiladi.

2025-yildan loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish va obyektlarni foydalanishga qabul qilishda qurilish xarajatlarni baholashning “hajm” uslubiga (hajm va sifat ko‘rsatkichlarini hisobga olishga) o‘tiladi.

2024-yilning 1-iyulidan obyektlarning smeta qiymati “Qurilish resurslari milliy klassifikatori” elektron platformasi ma’lumotlari asosida shakllantiriladi.

1-oktabrdan qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish jarayoni raqamlashtirilib, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining “Qurilishda davlat nazorati” elektron platformasi orqali rasmiylashtiriladi.

Mazkur tizimda 2024-yilning 1-iyulidan avtomobil yo‘llari va yo‘l inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashda qiymati 10 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan loyihalar bo‘yicha jalb qilinadigan yordamchi pudrat tashkilotlari ro‘yxatga olinadi.

Tender savdolari oferentlari tomonidan takliflar to‘liq raqamlashtirilgan holda kiritiladi. Har oyda kamida bir marotaba davlat dasturlariga kiritilgan obyektlardagi qurilish jarayonining joriy holati bo‘yicha fotosuratlar joylashtirib boriladi.

Budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari bo‘yicha texnik nazorat xizmatini ko‘rsatishga quyidagi obyektlarda autsorsing asosida tadbirkorlarni jalb qilishga ruxsat beriladi:

  • 2025-yildan — tajriba tarzida qurilish (ta'mirlash) ishlari yangidan boshlanadigan maktab, maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarida;
  • 2026-yildan — boshqa qurilish (ta'mirlash) obyektlarida (davlat sirlari bilan bog‘liq bo‘lgan obyektlar bundan mustasno).

2023-yilning avgustida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi. Unda shaharsozlik sohasidagi belgilangan toifa mutaxassislarni ularning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha har 3 yilda bir marta sertifikatlash tizimi joriy etilishi belgilangan.

Uy-joylarni sotishda soliq bazasini aniqlashning minimal miqdorlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Xususan, Toshkentda bu 5−7,5 mln so‘mni, viloyatlarda 4−5 mln so‘mni hamda Qoraqalpog‘istonda 2−3,5 mln so‘mni tashkil etishi mumkin.